JAMG'ARMA XAQIDA
TIJORAT AGENTLARI
FUQAROLAR MUROJAATLARI
- Paxta yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish
- G‘alla hosilini moliyalashtirish
- Ajratiladigan mablag‘lar va subsidiyalar to‘g‘risida
- Paxta va gʻalla yetishtirishni moliyalashtirish mexanizmi
- Qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berish mexanizmi
- Subsidiyalash mexanizmi
VMQ-546-SON 08.09.2020
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2021-yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Boshoqli don ekinlari navlarini hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda joylashtirish, maqbul muddatlarda ekish va parvarishlash, buning uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnika resurslarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berish, boshoqli don hosildorligini hamda fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klastyerlarining manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 6-martdagi PQ-4634-son qaroriga muvofiq 2021-yil hosilidan boshlab:
davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechish;
boshoqli don ekinlari bo‘yicha davlat xaridini to‘liq bekor qilish;
ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi donning fyuchers, forvard shartnomalari asosida yoki birja savdolari orqali erkin narxlarda xarid qilish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining takliflarini inobatga olib, quyidagilar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosili uchun serhosil, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan kuzgi boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti va uning Qashqadaryo filiali hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ilmiy-tajriba stansiyalarida 2021-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirish va superelita urug‘lik don yetishtirish hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosilidan boshoqli don ekinlari urug‘larini tayyorlash hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosilidan don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan tovar don hajmlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash uchun talab qilinadigan mineral o‘g‘itlar miqdori 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash uchun talab qilinadigan yonilg‘i-moylash mahsulotlari miqdori 6-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda sug‘oriladigan maydonlarda 2021-yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan “yo‘l xaritalari” 7 — 9-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.I. Barnoyevga, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayevga va O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflari asosida 2021-yil hosilidan boshlab ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish maqsadida xarid qilinadigan tovar don hajmlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda yalpi hosil qiymatining 40 va 50 foizi miqdoridagi kredit buyurtmalarini tumanlar bo‘yicha alohida hisob-kitob qiladi;
tijorat banklari agrotexnik tadbirlar muddatlariga muvofiq g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun har oyning 5-kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) kredit buyurtmalarini taqdim etadi;
Jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining buyurtmanomalari asosida 2021-yil g‘alla hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga har oyda mablag‘ ajratadi;
tijorat banklari g‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlar Jamg‘armaga to‘liq qaytarilishini ta’minlaydi.
4. Belgilansinki, 2021-yil g‘alla hosilini yetishtirish xarajatlarini belgilangan tartibda moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi e’lon qiladigan minimal narxlardan va 2020-yil g‘alla hosili hajmidan kelib chiqib aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki kun muddatda minimal narxlarni e’lon qilsin va Moliya vazirligiga 2021-yil g‘alla hosili xarajatlarini moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan hisob-kitoblarni taqdim etsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zdonmahsulot” AK bilan birgalikda bir hafta muddatda fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klastyerlari bo‘yicha boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirishga doir qarorlar qabul qilsinlar.
Bunda boshoqli don ekinlarini navlar bo‘yicha joylashtirishda bitta konturga ikki yildan ortiq ekilishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilsin.
6. “O‘zdonmahsulot” AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida tuzilgan shartnomalar doirasida yetishtiriladigan g‘alla uchun urug‘lik qiymatining 15 foizini oldindan va qolgan qismini 60 kun ichida to‘lab berish sharti bilan, boshqa fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klastyerlariga 100 foiz oldindan to‘lovlar asosida ekish uchun urug‘lik donni yetkazib bersin.
7. “O‘zdonmahsulot” AK O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va g‘allachilik klastyerlari bilan birgalikda:
2021-yil hosili uchun ekiladigan kuzgi boshoqli don ekinlarining urug‘larini yetarli miqdorda nav va avlodlar bo‘yicha tozalash, saralash, dorilash, qoplash hamda sertifikatlash ishlarini 2020-yil 25-sentabrga qadar yakunlasin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirishni, shuningdek, sug‘oriladigan maydonlarda asosan birinchi va ikkinchi reproduksiyali hamda lalmi maydonlarda uchinchi reproduksiyadan past bo‘lmagan urug‘lik don ekilishini;
boshoqli don ekinlari ekishni har bir hudud uchun maqbul bo‘lgan muddatlarda — sug‘oriladigan maydonlarda 2020-yil 25-oktabrgacha va lalmi yerlarda — 15-noyabrgacha tugallanishini ta’minlasin.
Bunda respublika hududida ekishga tavsiya etilmagan g‘alla navlarini, sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan (sertifikatlanmagan) urug‘larni ekish qat’iyan taqiqlanadi.
8. “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zagrokimyohimoya” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish va parvarishlash uchun ushbu qarorga 5 va 6-ilovalarga muvofiq talab etiladigan mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlarining fermer xo‘jaliklari hamda g‘allachilik klastyerlariga o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshoqli don yetishtirishda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib yer maydonlarining zarur miqdordagi fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar bilan birga sifatli tayyorlanishini, mineral o‘g‘itlar va yonilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida hamda to‘liq yetkazib berilishini, belgilangan muddatlarda ekilishini va agrotexnik tadbirlar sifatli amalga oshirilishini tashkil etsin va nazorat qilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va tuproq unumdorligini oshirish, shuningdek, g‘alla maydonlarini sug‘orish uchun yetkazib beriladigan suvdan samarali foydalanish hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini ta’minlasin;
bir hafta muddatda boshoqli don ekinlarini sug‘orish grafiklarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, g‘alla maydonlarini suv bilan ta’minlash hamda g‘alla maysalarini to‘liq undirib olish choralarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan xorijiy ilmiy muassasalardan 250 tonna boshoqli don ekinlarining superelita urug‘lari keltirilishini ta’minlasin.
12. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarning 4 ta sektor rahbarlari — kafolatlangan boshoqli don yetishtirishda fermer xo‘jaliklari va g‘alla klastyerlari tomonidan agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish, begona o‘t, zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish, suspenziya sepish hamda boshqa tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi;
“O‘zkimyosanoat” AJ (J.T. Mirzamaxmudov), “O‘zbekneftgaz” AJ (M.R. Abdullayev), “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ (X.N. Xasilov) — kafolatlangan boshoqli don hosili yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar va yonilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasini yaratilishiga hamda moddiy-texnika resurslarining agrotexnik kartalardan kelib chiqib, to‘liq hajmda va o‘z vaqtida fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klastyerlari dalasiga yetkazib berilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (A.E. Ergashev), “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki (R.O‘. Mamatqulov) va tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari — Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan boshoqli don yetishtirish xarajatlarining o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, ajratilgan mablag‘lardan fermer xo‘jaliklari va g‘allachilik klastyerlari mustaqil va maqsadli foydalanishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev), “O‘zagroservis” AJ (R.M. Xayitov), “O‘zagrolizing” AK (A.I. Sulaymonov) — kafolatlangan boshoqli don hosilini yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun mavjud qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq jalb qilinishi, sifatli mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatilishiga, o‘rim-yig‘im ishlarining uyushqoqlik bilan tashkil etilishi hamda yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari belgilangan muddatda yetkazib berilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D. Vaxabov) va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari — yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarning agrotexnik kartalardan kelib chiqib, to‘liq hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda xizmatlar sifatli ko‘rsatilishi, bu borada tuzilgan shartnomaviy majburiyatlar to‘liq bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar kuzgi boshoqli don ekinlari ekilgan maydonlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazsin va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘.I. Barnoyev, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV