JAMG'ARMA XAQIDA
TIJORAT AGENTLARI
FUQAROLAR MUROJAATLARI
- Paxta yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish
- G‘alla hosilini moliyalashtirish
- Ajratiladigan mablag‘lar va subsidiyalar to‘g‘risida
- Paxta va gʻalla yetishtirishni moliyalashtirish mexanizmi
- Qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berish mexanizmi
- Subsidiyalash mexanizmi
Joriy yilda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun 1-terimda 1 200 so‘mdan, 2-terimda 1 500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilandi
Sifat — puxta hozirlikka bog‘liq
Paxta hosilini yig‘ib-terib olish ham o‘ziga xos mas’uliyatni talab etiladigan palla. Negaki, bu mavsumda hosil yig‘ib-terib olinishi barobarida, yil bo‘yi qilingan mehnatga baho beriladi-da. Ayni paytda respublikamizdagi ayrim fermerlar dalalarida paxta terimiga kirishilgan bo‘lsa, ba’zilarida puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasida tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari hamda uyushma tizimidagi 122 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda ham ayni shu masala — joriy yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olish masalalariga bag‘ishlandi. Mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, terimchi va hasharchilarga yetarli shart-sharoit yaratish, mehnatga haq to‘lash masalalari muhokama etildi.
Terimga kimlar jalb etiladi?
O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Sa’dulla Tojiyevning ma’lum qilishicha, bu yilgi paxta yig‘im-terim mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
Mavsumda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va boshqa holatlarning oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va barcha tumanlarda paxta terim markazlari tashkil etilmoqda. Terimga, asosan, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari ishchilari, shuningdek, muayyan mehnat bilan band bo‘lmaganlar va ko‘ngilli hasharchilar fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida jalb etiladi.
O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan paxta terimida qatnashadigan terimchilar, terim otryadlari va otryad rahbarlari ro‘yxati shakllantirilib, elektron baza yaratiladi.
Karantin talablariga to‘liq rioya qilinadi
Bu yilgi pandemiya sharoiti inobatga olingan holda, har bir terim otryadi tarkibida terimchilar soni 70 nafardan oshirilmaydi. Ular uchun issiq ovqat tashkil etilib, tibbiy xizmat, ko‘chma savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ko‘magida Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlariga respublikaning boshqa hududlaridagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan ro‘yxatga olingan aholi vakillarini ixtiyoriy ravishda jalb qilish ko‘zda tutilgan. Ular uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan yotoq joylari hozirlanib, zarur inventarlar bilan jihozlanadi.
Terimchilar zarur ashyo va anjomlar bilan ta’minlanadi. Ularni paxta dalasiga olib borish va olib kelish uchun avtobuslar biriktiriladi.
Har besh kunda pul beriladi
Joriy yilda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun birinchi terimda 1 200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1 500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lash belgilandi.
Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka tumanlarida terimchilarni qo‘shimcha jalb qilish maqsadida qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun respublika byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 230 so‘mdan ustama haq to‘lanishini ta’minlanadi.
Shuningdek, klasterlar o‘zlariga biriktirilgan hududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, ya’ni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq to‘lashlari ham mumkin.
Paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xom ashyosini terib olish uchun yillik 14 foiz stavkada kredit ajratish maqsadida olti oy muddatda qaytarish sharti bilan «Agrobank» ATB depozitiga 1,6 trln. so‘mgacha mablag‘lar ajratilgan. Terim pullari har besh kunda, dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar dalaning o‘zida xizmat ko‘rsatuvchi bank vakili tomonidan tarqatilishi belgilangan.
Dilshod ULUG‘MURODOV,
(«Xalq so‘zi»).