JAMG'ARMA XAQIDA
TIJORAT AGENTLARI
FUQAROLAR MUROJAATLARI
- Paxta yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish
- G‘alla hosilini moliyalashtirish
- Ajratiladigan mablag‘lar va subsidiyalar to‘g‘risida
- Paxta va gʻalla yetishtirishni moliyalashtirish mexanizmi
- Qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berish mexanizmi
- Subsidiyalash mexanizmi
PQ-4575-SON 28.01.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida 2020-yilda:
1) “oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish” yo‘nalishida 2020-yil 1-oktabrdan boshlab aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va narxlar keskin o‘zgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda:
2021-yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor mexanizmlarini joriy etish;
oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga o‘tish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish nazarda tutiladi;
2) “qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish” yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar 2021-yil hosilidan boshlab bozor konyunkturasi tahlili va agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish xarajatlarning prognoz hisob-kitobi asosida paxta-to‘qimachilik klastyerlari uchun fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning shartlarini aniqlashda minimal narxlarni belgilash yo‘li bilan paxta xomashyosi narxlarini shakllantirish, xarid qilish va sotishning bozor tamoyillariga o‘tishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3) “sohada davlat ishtirokini kamaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish” yo‘nalishida:
a) 2020-yil 1-martdan paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda band bo‘lmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch oy muddatda kreditlash va sug‘urtalash mexanizmini qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ining strategik ustuvor yo‘nalishlari hamda ehtiyojlariga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin.
Bunda:
kredit taqdim qilishda “omborxona guvohnomalari”, boshqa moliyaviy vositalar va yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqidan garov ta’minoti sifatida foydalanilishi;
qishloq xo‘jaligida xatarlarni sug‘urtalashning yangi turlari joriy etilishi nazarda tutilsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020-yil 1-aprelga qadar boshoqli don va paxtani qayta ishlash, resurs ta’minoti va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi davlat ulushi mavjud korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
4) “tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof muhit muhofazasini ta’minlash tizimini takomillashtirish” yo‘nalishida:
a) 2020-yil 1-apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati Qibray va Toshkent tumanlari, Farg‘ona viloyati Farg‘ona va Oltiariq tumanlari hamda Qashqadaryo viloyati Kitob va Nishon tumanlarida:
jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geoportal orqali yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.
“Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan zaxira yerlaridan yer uchastkalari ro‘yxatini tuzish va ularni tanlovga qo‘yish;
jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tanlov orqali berish;
jismoniy va yuridik shaxslarga maxsus geoportal orqali tanlovga qo‘yiladigan yer maydonlarini tanlash imkoniyatini yaratish;
jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida foydalanishga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishishni elektron shaklda amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yishning amaldagi tartibini qayta ko‘rib chiqib, yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi va ekologik vaziyatning yomonlashuvini asosiy mezonlardan biri sifatida belgilagan holda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni bekor qilishning shaffof va adolatli mexanizmlarini joriy etish;
5) “boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish” yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning vakolat va faoliyat yo‘nalishlari funksional baholash mezonlari asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2020-yil 1-mayga qadar yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning boshqaruv tizimini funksional baholash asosida sohada davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha choralarni amalga oshirsin.
Bunda:
davlat rolini davlat buyurtmasini berish, ekinlarni joylashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni nazorat qilish tizimidan fermer va dehqon xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash va sifatini oshirish, atrof muhitni muhofaza qilish va xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilmaydigan boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘naltirish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xususiy sektor bilan hamkorlikni kuchaytirish;
vertikal va gorizontal boshqaruv tizimini takomillashtirish;
kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kasbiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish nazarda tutilsin;
6) “fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash” yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritsin:
a) 2020-yil 1-martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini qayta ko‘rib chiqish;
b) 2020-yil 1-iyulga qadar agrosanoat majmuini o‘rta muddatli dasturiy moliyalashtirish tamoyillariga o‘tkazish.
Bunda:
tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda agrosanoat majmuiga kiruvchi vazirliklar va idoralar budjetlarini kompleks ko‘rib chiqish mexanizmini joriy etish;
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali irrigatsiya sohasi xarajatlarini kamaytirish hisobiga ilmiy-tadqiqot ishlariga xarajatlarni ko‘paytirish;
agrosanoat majmuida xarajatlarni diversifikatsiya qilish nazarda tutilsin;
7) “ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish” yo‘nalishida 2020-yil 1-martdan boshlab agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish shartlariga o‘tkaziladi.
2020-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bazaviy moliyalashtirishga o‘tkaziladigan agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtirilsin;
8) “tarmoq statistikasining shaffof mexanizmini yaratish” yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin:
xususiy sektorni keng jalb qilish imkoniyatlarini inobatga olgan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida Agrosanoat kompleksida yagona axborot dasturi (keyingi o‘rinlarda — Yagona dastur) yuritilishi uchun mas’ul tashkilot tuzish;
agrosanoat majmuiga tegishli barcha vazirlik va idoralarni hamda ushbu majmuada faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni Yagona dasturda ishlash tartibi;
agrosanoat majmuiga tegishli barcha vazirlik va idoralar axborot tizimlarining Yagona dastur bilan integratsiyasini ta’minlash nazarda tutilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020 — 2022-yillarda:
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi birlashmalarini mahsulotlarning sifatini tahlil va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlash;
qishloq xo‘jaligi birlashmalarini malakali menejer, marketolog, agronom, iqtisodchi va boshqa kerakli mutaxassislar bilan ta’minlash uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar mablag‘larini jalb etishni ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning mablag‘lari jalb etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
6 Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov — mazkur qaror ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish, mas’ul vazirlik, idora, tashkilotlar va hokimliklarning faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitish hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishni ta’minlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev — Dasturni amalga oshirish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilishini ta’minlasin, mazkur qarorni o‘z vaqtida amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy ko‘mak bersin hamda har oy O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashga uning bajarilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot kiritib borsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov — Dasturni 2020-yilda amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, jumladan salohiyatli xorijiy investorlarning mablag‘lari jalb etilishini ta’minlasin;
g) O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari:
Sh.J. Teshayev — boshoqli donning davlat xaridlarini bosqichma-bosqich bekor qilish hamda paxta xomashyosi narxlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ishlarni tayyorlashni ta’minlasin;
S.S. Xodjayev — qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini kreditlash va sug‘urtalash mexanizmlarini takomillashtirish hamda agrosanoat majmuini moliyalashtirishni o‘rta muddatli dasturiy moliyalashtirish tamoyillariga o‘tkazish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqish tadbirlarini amalga oshirsin;
B.M. Xoliqov — agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi, jumladan bazaviy budjet moliyalashtirishiga o‘tkazilayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ishini sifatli tashkil etish, amalga oshirilayotgan ilmiy-texnik dasturlar va tadqiqotlar natijalarini qishloq xo‘jaligida amaliy qo‘llashni ta’minlasin;
d) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari — jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini shaffof va ochiq tanlovlar o‘tkazish orqali ajratish bo‘yicha joriy etilayotgan tartibga so‘zsiz rioya qilish, boshoqli donning davlat xaridlaridan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV