JAMG'ARMA XAQIDA
TIJORAT AGENTLARI
FUQAROLAR MUROJAATLARI
- Paxta yetishtirish va paxta yig‘im-terimi xarajatlarini moliyalashtirish
- G‘alla hosilini moliyalashtirish
- Ajratiladigan mablag‘lar va subsidiyalar to‘g‘risida
- Paxta va gʻalla yetishtirishni moliyalashtirish mexanizmi
- Qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing asosida yetkazib berish mexanizmi
- Subsidiyalash mexanizmi
PQ-3751-son 29.05.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining tezkor rivojlanishi va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2016-yilda qishloq xo‘jalik texnikasini ishlab chiqarish, yetkazib berish va servis xizmati ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatishning yagona o‘zaro bog‘langan tizimining yaratilishi qishloq xo‘jaligi korxonalari, “O‘zagroservis” AJ tashkilotlarining servis korxonalari va mashina-traktor parklarini qayta jihozlashni ta’minlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, mazkur sohada o‘tkazilgan tahlillar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish tizimida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi. Ular qatorida:
birinchi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagroservis” AJ va ular tarkibidagi korxonalarning, xususan, mashina-traktor parklarining yakuniy moliyaviy ko‘rsatkichlari va faoliyatining samarasiz tashkil etilganligi mazkur tashkilotlar faoliyati va boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishini talab etmoqda;
ikkinchi, tadbirkorlik subyektlarining mashina-traktor parklari faoliyatiga jalb etilmaganligi ularni rivojlantirish va modernizatsiya qilish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
uchinchi, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatishlari borasidagi cheklovlar mazkur xizmatlar bozorining tezkor rivojlanishiga va qishloq xo‘jaligi yerlarining zarur texnika bilan keng qamrab olinishiga to‘sqinlik qilmoqda;
to‘rtinchi, mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etishda mahalliy ijro hokimiyati organlari manfaatdorligining past darajadaligi ularning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
beshinchi, ayrim mansabdor shaxslarning mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashishlari xususiy mulk daxlsizligining kafolatlari buzilishiga va mazkur faoliyatni amalga oshirishning jozibadorligi pasayishiga olib kelmoqda;
oltinchi, agrotexnik ishlarni tashkil etishda alohida yondoshuvning mavjud emasligi, jumladan hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqilmasligi, shuningdek hosildorligi past bo‘lgan yerlarda mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat moliyaviy ko‘magining mavjud emasligi mashina-traktor parklarida sezilarli darajada qarzdorliklar paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda;
yettinchi, qishloq xo‘jalik texnikasi va uning ehtiyot qismlariga bo‘lgan narxlarni optimallashtirish, shuningdek o‘zaro manfaatdorlik shartlari asosida mamlakatga yangi ilg‘or ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish borasidagi ishlarning lozim darajada amalga oshirilmaganligi mexanizatsiya va servis xizmatlari bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqaruvchilariing noroziligini keltirib chiqarmoqda va mashina-traktor parklari faoliyatining samaradorligini pasaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish samaradorligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ko‘rsatilayotgan mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbariga (N.S. Otajonov) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PQ-2658-son “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining “Avtosanoat Agrotexservis” MChJ va “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish qismi bajarilmaganligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilsin.
“O‘zagroservis” AJ “O‘zavtosanoat” AJ va “Agrobank” ATB bilan birgalikda ikki oy muddatda “Avtosanoat Agrotexservis” MChJ va “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va optimallashtirishning barcha jarayonlarini 2018-yilning 1-oktabriga qadar yakunlasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zavtosanoat” AJning:
2018-yil 1-iyuldan “O‘zagroservis” AJning “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqarish;
“O‘zagroservis” AJ ustav jamg‘armasidagi “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga tegishli bo‘lgan ulushni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ ustav jamg‘armasini o‘tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirgan holda davlat tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagroservis” AJ bilan hamkorlikda ikki oy muddatda “O‘zagroservis” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJning tashkiliy tuzilmasidan chiqishi bilan bog‘liq barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’minlasin.
5. “O‘zagroservis” AJ Kuzatuv kengashi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
Belgilansinki:
“O‘zagroservis” AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;
“O‘zagroservis” AJ bosh direktori jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi;
“O‘zagroservis” AJ bosh direktori o‘rinbosarlari jamiyatning Kuzatuv kengashi tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanadi va maqomiga ko‘ra vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
6. “O‘zagroservis” AJ ikki oy muddatda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “O‘zagroservis” AJ tashkilotlarining bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan binolari va inshootlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda ularni tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzdorliklarini tegishli ravishda kamaytirgan holda balans qiymati bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, tijorat banklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mashina-traktor parklarining “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar kafilligida taqdim etilgan kreditlari bo‘yicha majburiyat ta’minotini (kafillik, mol-mulk garovi) almashtirish to‘g‘risida takliflar kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zagroservis” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining 2018-yil 1-noyabrdan quyidagilar orqali mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash bo‘yicha eksperiment (keyingi o‘rinlarda — eksperiment) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik bildirilsin:
“O‘zagroservis” AJning 2-ilovaga* muvofiq 26 ta mashina-traktor parklarini tadbirkorlik subyektlariga sotish;
“O‘zagroservis” AJning 3-ilovaga* muvofiq 3 ta mashina-traktor parklarini davlat unitar korxonalariga (keyingi o‘rinlarda — “Tuman MTP” DUK) aylantirish.
8. Belgilansinki:
a) “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklarini sotish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari tomonidan 2018-yil 31-dekabrgacha quyidagilar orqali ta’minlanadi:
baholash bo‘yicha ishlar xarajatlarini tegishli mashina-traktor parklari mablag‘lari hisobidan qoplagan holda mashina-traktor parklarining mulki va mulkiy huquqlarni baholash;
bir yoki bir nechta tadbirkorlik subyektlari tomonidan tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armasidagi ta’sischi ulushini ellik bir foizidan yuz foizigacha bozor narxida sotib olish bo‘yicha eng yaxshi takliflar tanlovini e’lon qilish va o‘tkazish;
mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armasidagi yuz foiz ulush sotib olingan vaqtdan boshlab ikki yil davomida tashkiliy-huquqiy shakl va asosiy faoliyat turini (mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatish) saqlab qolish sharti bilan “O‘zagroservis” AJ va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tegishli shartnoma tuzish;
mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ta’sischi ulushini sotishdan kelib tushgan barcha mablag‘larni “O‘zagroservis” AJ tashkilotlarining qarzdorliklarini qoplashga yo‘naltirish;
b) ta’sischining tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ulushini baholash qiymati bo‘yicha sotish imkoni bo‘lmagan taqdirda, “O‘zagroservis” AJ sotishga qo‘yilgan aktivlarning narxlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-son “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tartibda bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli;
v) “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklarini “Tuman MTP” DUKga aylantirish tegishli viloyatlar hokimliklari tomonidan 2018-yilning 31-dekabrigacha quyidagilar orqali ta’minlanadi:
mashina-traktor parklarining ustav jamg‘armalaridagi ulushni keyinchalikda ularni “Tuman MTP” DUKga aylantirgan holda tegishli tuman hokimliklariga balans qiymati bo‘yicha o‘tkazish;
“O‘zagroservis” AJ ustav jamg‘armasidagi davlat ulushini tuman hokimliklariga o‘tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirish;
tegishli tuman hokimliklari tomonidan “Tuman MTP” DUK ustavlarini tasdiqlash, shuningdek ularni malakali kadrlar bilan to‘ldirish;
g) tadbirkorlik subyektlariga sotilgan mashina-traktor parklari, shuningdek “Tuman MTP” DUK tegishlicha “O‘zagroservis” AJning sotiladigan va qayta tashkil etiladigan mashina-traktor parklarining barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi;
d) tegishli tuman hokimligi “Tuman MTP” DUKning ta’sischisi hisoblanadi va mazkur korxonaning mulki yetarli bo‘lmagan hollarda uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar tarzda javobgar bo‘ladi;
e) tadbirkorlik subyektlariga sotilgan mashina-traktor parklari va “Tuman MTP” DUKlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi PQ-2658-son “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 14-bandi bilan “O‘zagrotexmash” AJ va “O‘zagroservis” AJ tashkilotlari uchun belgilangan barcha bojxona, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, bo‘shagan mablag‘larni qarzdorlikni yopishga yo‘naltirgan holda, tatbiq etiladi.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlariga eksperimentning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. 2019-yilda “Tuman MTP” DUKlarga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berishning maqsadli parametrlari 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 4-ilovalar rustilidagi matnda berilgan.
12. Eksperimentda ishtirok etuvchi tashkilotlarga quyidagilarni ta’minlash tavsiya etilsin:
mashina-traktor parklari tomonidan ko‘rsatiladigan mexanizatsiya va servis xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish, jumladan yuk va yengil avtotransport vositalariga hamda texnikaning boshqa turlariga servis xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
mashina-traktor parklari faoliyatiga investorlarni, jumladan ularga xonalar, bino va inshootlarni ijaraga berish hamda mashina-traktor parki hududida birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish yo‘li bilan jalb qilish;
tegishli mashina-traktor parklarining jihozlarini modernizatsiya qilish, shuningdek mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan jihozlarning yangi zamonaviy turlarini sotib olish.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2020-yil 1-yanvarga qadar o‘tkazilgan eksperiment natijalari bo‘yicha mashina-traktor parklarini boshqarishni tashkil etishning eng samarali shaklini qo‘llash bo‘yicha asoslangan taklif kiritsin;
2020-yilga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirishda hosildorligi past yerlarga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘zagroservis” AJ mashina-traktor parklari uchun qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olishga subsidiyalar ajratishni nazarda tutsin.
14. 2018-yil 1-iyuldan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatga jalb etish bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek ularga o‘z faoliyatlarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish tavsiya etilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi eksperiment o‘tkazishda qonunchilikka rioya etilishi hamda davlat organlari mansabdor shaxslarining mashina-traktor parklari, fermerlik xo‘jaliklari va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatiga aralashishlariga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini ta’minlasin.
16. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish, ta’mirlash hamda mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi ustidan tizimli monitoring va jamoatchilik nazoratini olib borish, ularning natijalari bo‘yicha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da’vo arizalari kiritish tavsiya etilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi texnikasi va ular ehtiyot qismlari narxlarining jahon konyunkturasini o‘rganish va tahlil qilish asosida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar bo‘yicha aniq takliflar kiritsin:
qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun import qilinadigan ehtiyot qismlarni bevosita ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish tizimini joriy etish;
o‘zaro manfaatli shartlar asosida O‘zbekiston Respublikasiga qishloq xo‘jaligi texnikasining yangi ilg‘or ishlab chiqaruvchilarini jalb qilish.
18. “O‘zagroservis” AJ:
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “O‘zagroservis” AJ va uning tashkilotlari xodimlarining ish haqi fondi miqdorini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rsin;
ikki oy muddatda, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda real vaqt rejimida mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatishning yagona elektron hisobini yuritish va monitoring qilishni joriy etish choralarini ko‘rsin, bunda ushbu tizimning “O‘zagroservis” AJ uchun ochiq bo‘lishini ta’minlashni nazarda tutsin;
2019-yil 1-yanvariga qadar tegishli huquq va majburiyatlarni “O‘zagroservis” AJga o‘tkazgan holda hududiy “Agroservis MTP” MChJlarni “O‘zagroservis” AJ tarkibiga qo‘shib yuborishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-yanvardagi PQ-3459-son “Qishloq xo‘jaligining texnik jihozlanish darajasini yanada oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 12-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
20. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“O‘zagrotexmash” AJ va “O‘zagrotexsanoatxolding” AJlarning bir-birini takrorlovchi funksiyalari va tuzilmalarini, ularni birlashtirish hamda “O‘zagrolizing” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJning tashkiliy tuzilmasidan chiqarish yo‘li bilan optimallashtirish to‘g‘risida;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida taklif kiritsin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagroservis” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezident devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatiga mazkur qarorning ijro holati to‘g‘risida axborot kiritib borsinlar.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-may,
PQ-3751-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.05.2018-y., 07/18/3751/1284-son)